04.04.2024
Xorijiy mutaxassislar ishtirokida bilim va ko’nikmalarni takomillashtirish
Joriy yilning 2 aprel kuni "RIOvaBSIATM" DM mutaxassislari Bolalar Milliy tibbiyot markazi tomonidan tashkil etilgan xalqaro darajadagi tibbiyot anjumanida ishtirok etdi.
Ushbu ilmiy anjumanda fetal jarrohlikning asosiy mavzularidan biri sanalgan Spina bifida (umurtqa nuqsoni) muhokama qilindi. Ushbu kasallik markaziy nerv tizimining eng keng tarqalgan tug'ma nuqsoni bo'lib, unda bolada umurtqa pog'onasi kanalining to'liq yopilmasligi va umurtqa churra shakllanishi kuzatiladi. Yaqin vaqtlargacha bunday bemorlarni davolashning yagona usuli – bu bola tug'ilgandan keyin ushbu malformatsiyani neyroxirurgik yo`l bilan davolash edi. Bugungi kunda zamonaviy bolalar klinikalarida nuqsonlarni yopish uchun noyob intrauterin amaliyotlar o'tkazilmoqdaki, bu o’z o’rnida, kelajakda shunt operatsiyalariga bo'lgan ehtiyojni kamaytiradi va tibbiy prognozni yaxshilaydi.
Tadbirning faxriy mehmoni – tibbiyot fanlari doktori, Florida shtati (AQSh) klinikasi professori Samer Elbaba "Homila meningomiyeloselini intrauterin tuzatish" mavzusini yoritib, mavzuning dolzarbligiga alohida urg’u berdi, chunki meningomiyelosele nafaqat kasallangan bolalar, balkim keyinchalik kattalarning ham hayot sifatiga sezilarli salbiy ta'sir ko'rsatadi.
Har bir klinik holat individual yondashuvni talab qiladi. Har bir holatda mutaxassislar jamoasi tomonidan jarrohlik uchun ko'rsatmalar, jarrohlik usuli, amaliyot texnikasi, homilaning homiladorlik davri alohida tanlanadi. Ushbu yondashuv tufayli, hatto eng qiyin holatlarda ham, muvaffaqiyatga erishish va yuzlab bolalarni nogironlikdan qutqarish mumkin.
Har bir holatda butun multidisiplinar guruh ishlaydi, aynan shu sababli tadbirga bir qator mutaxassislar taklif qilindi. Ular orasida akusher-ginekologlar, perinatologlar, neyroxirurglar, homila jarrohlari, anesteziologlar va boshqa tor doiradagi mutaxassislar ham bor edi.
Shuni ta'kidlash lozimki, Markazimiz xodimlari: Fetal tibbiyot bo'limi boshlig'i Yusupbayev R. B., akusherlik bo'limlarining ilmiy rahbari Ilyasov A. B., shuningdek, 1-2-kurs doktorantlari chet ellik mutaxassislar bilan birgalikda yuqori texnologiyali tibbiy asbob-uskunalardan foydalangan holda, tug'ma nuqsonlarni va ularning homila jarrohligidagi oqibatlarini yuqori sifatli jarrohlik davolashning dolzarb masalalarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo'ldilar.