Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining I tug‘ruq bo‘limida jigar ko‘chirib o‘tkazilgan bemorda rejalashtirilgan kesarcha kesish amaliyoti bajarildi.

Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining I tug‘ruq bo‘limida jigar ko‘chirib o‘tkazilgan bemorda rejalashtirilgan kesarcha kesish amaliyoti bajarildi.

Avvallari jigar transplantatsiyasidan keyingi homiladorlik ona va bola uchun yuqori darajadagi xavf tufayli qarshi ko‘rsatma hisoblangan. Ammo transplantologiya rivoji, immunosupressiv terapiyaning takomillashuvi va multidisiplinar yondashuv sabab bunday bemorlarda homiladorlikni olib borish imkoniyati paydo bo‘ldi. Shunga qaramay, jigar ko‘chirib o‘tkazilgan ayollarda homiladorlik va tug‘ruq juda kam uchraydi hamda nihoyatda yuqori xavfli guruhga kiradi.
Bemor — 29 yosh. 6 yil avval autoimmun gepatitning terminal bosqichi sabab ortotopik jigar transplantatsiyasi o‘tkazilgan. Amaliyotdan keyingi davr o'tkir rad etish epizodlarisiz o‘tgan. Doimiy immunosupressiv terapiya (takrolimus) qabul qilgan.
Homiladorlik mustaqil ravishda, rejalashtirilgan holda yuzaga kelgan. Dastlabki muddatlardanoq bemor akusher-ginekolog, transplantolog va gepatolog tomonidan muntazam kuzatuvda bo‘lgan. Homiladorlik davomida jigar funksiyasi ko‘rsatkichlari (ALT, AST, bilirubin), immunosupressant darajasi, koagulogramma doimiy nazorat qilingan.
Homiladorlik o‘rtacha darajadagi anemiya va arterial gipertenziya epizodlari bilan asoratlangan. Transplantat rad etilishi belgilar aniqlanmagan. UZI va dopplerometriya ma’lumotlariga ko‘ra — fetoplatsentar qon oqimi me’yorida bo‘lgan.
Tugruk taktikasi
Ko‘chirib o‘tkazilgan jigar, immunosupressiya va yuqori darajadagi akusherlik-hirurgik xavflar hisobga olinib, 37 haftada rejalashtirilgan kesarcha kesish o‘tkazishga qaror qilindi. Operatsiya ixtisoslashtirilgan stasionarda bajarildi. Dastlab transplantat joylashuvi va bitishmalar holati inobatga olinib jarrohlik yondashuvi tanlandi. Qon yo‘qotish fiziologik me’yorlarda bo‘lgan. Bola tirik tug‘ildi, vazni — 2900 g, Apgar shkalasi bo‘yicha 8–9 ball.
Operatsiyadan keyingi davr
Operatsiyadan keyingi davr asoratsiz o‘tgan. Transplantatsiya qilingan jigar funksiyasi saqlangan. Immunosupressiv terapiya qayta moslashtirilgan. Takrolimus qabul qilinishi tufayli ko‘krak suti bilan oziqlantirish tavsiya etilmaydi. Ona va bola qoniqarli holatda uyiga chiqarilgan.
logo
Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi, 132-a
Biz bilan bog‘lanish
Kol-markaz: +998 (71) 263-78-18
Poliklinika ro‘yxatxonasi: +998 (71) 263-78-29, +998 (71) 263-78-35
UZI ro‘yxatxonasi: +998 (71) 263-78-21
Ishonch telefoni: +998 (90) 012-36-63
Elektron pochta: info@uzaig.uz
Ish tartibi
Dushanba-Jum — 8:00-22:00
Shanba-Yaks — 9:00-21:00
Biz ijtimoiy tarmoqdamiz

Bizni kuzating: